— Ma, isinib ol.
Qozi sovqotmagan bo‘lsa ham, xojasining bu marhamatidan mamnun bo‘lgan holda piyolani bir ko‘tarishda bo‘shatdi-da, labini yalab qo‘yib, egasiga termulgan it kabi qarab turdi.
— Xumkallani ko‘rdingmi? — deb so‘radi Kesakpolvon.
Qozi bu tagdor savol zamirida qanday ma’no yashiringanini anglamay «Ha»deb qo‘ydi.
— Shu bola menga yoqmayapti, — dedi Kesakpolvon.— Odam desang odamga o‘xshamaydi, maymun desang maymunga o‘xshamaydi. Bu xumday kallani ko‘tarib yuraverishdan gavdasi ezilib ketdi. Gavdasiga rahm qilsakmikin?
Xojasining maqsadini uqqan Qozi javobni hayallatmadi:
— Savob bo‘lardi.
— Savobning dodaxo‘jasi degin! Xumkalla akaxoniga ja-a sadoqatli edi-a? Ja-a kuyib, ezilib ketdi-ku, boyaqish. Shu bugundan kechikmay borsin yoniga, akaxoni zerikib qolmasin.
— Mashina urib ketsinmi yo poezd-moezd bosib olsinmi?
— Izi qolmasin. Lekin mozorga tiqma, xitlar aylanib yurishibdi.
— Gap yo‘q, yo‘lini qilaman.
Qozi shunday deyishi bilan Kesakpolvon uni yoqasidan oldi:
— Isi chiqmasin, buni faqat senu men bilaman. Agar sal nari-beri bo‘lsa orqasidan o‘zing ham jo‘naysan, — Kesakpolvon shunday deb uni bir-ikki silkidi, so‘ng yoqasini bo‘shatmagan holda, ammo muloyimroq ohangda qo‘shib qo‘ydi: — Choyxonani o‘zing ishongan bolaga topshir. Endi mening yonimda sen yurasan.
Qozi mansab pillapoyasidan ko‘tarilib, noiblik darajasiga yetgani, bu martabaning bahosi Xumkallaning joni ekanini angladi-yu, xojasiga qulluq qildi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев