Xo‘p, sinov ko‘p, nima qipti yengamiz-da,
Muhabbatning dard-firog‘i yelkamizda,
Yashasak ham shu kichkina kulbamizda,
Baxt degani asli shunday bo‘lmasmi yor...
Sen bir tomon, men bir tomon giryon bo‘lsak,
Azoblardan sinib dili vayron bo‘lsak,
Taqdirning bu ishlaridan hayron bo‘lsak,
Hijronlar ham ustimizdan kulmasmi yor...
Shum ayriliq o‘z o‘yinin boshlamasin,
O‘zga bir yor qulog‘ingni tishlamasin,
Yillar o‘tib afsus dilni g‘ashlamasin,
Afsuslarda o‘tgan har kun yilmasmi yor...
Soxta kulgu axir yuzga yarashmaydi,
Bahor guli oltin kuzga yarashmaydi,
Shunchaki jim turish bizga yarashmaydi,
Jim o‘tirsak ishq xanjari tilmasmi yor.
Kunimiz hech qolmasin-da yomonlarga,
Ko‘nib-ko‘nib yashamaylik armonlarga,
Olib ketay Majnuniston tomonlarga,
Shunda dillar bir umrga o‘lmasmi yor...
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев