O'zbek kino va dublyaj aktrissasi, san'atning chinakam fidoiysi Zulhumor Mo'minova bilan qiziqarli intervyu tashkil etdik.
– Siz kinoda ko'plab filmlarda bir qancha salmoqli rollarni ijro etgansiz va deyarli ko'pgina Siz yaratgan obrazlar xususan, "9 oy", "Hayotda...", "Qor qo'ynida lola", "Orzu ortida", "Suv yoqalab", "Kechikkan hayot", "Said bilan Saida", "Ibrat" kabi filmlardagi obrazlaringizda asosan falsafiy, dardli kechinmalarga boy insonning hayoti ochib berilgan. Rejissyorlar ko'pincha Sizga ana shunday rollarni berishadi, buning ham o'ziga xos sabablari bo'lsa kerak.
– To'g'ri, deyarli barcha rollarim faqat oq yoki qora ranglarda tasvirlab bo'lmaydigan, murakkab tabiatga ega ayollar taqdiridan iborat. Ular hayotini to'laqonli yashab qolishga intilayotgan, sinovlardan birda munosib, birda qoqilib o'tsada o'zligiga aslo hiyonat qilmaydigan qahramonlar.
Hayotda ham shunday ayollar va erkaklarni qadrlayman, bu esa ishimga ham o'z ta’sirini o'tkazmay qolmaydi.
Ammo, ko'pchilik aktyorlar kabi, o'zimdan yiroq bo'lgan harakterni yaratish ishtiyoqi menda ham baland. Shunday rolni kutyapman va albatta rejissyorni. Aktyorni kuchli rejissyor boshqaradi.
– Dublyajda ovoz bergan yoki kinoda rol ijro etgan qaysidir obrazingizga qattiq bog'lanib undan chiqib keta olmagan paytlaringiz ham bo'lganmi?
– Rol doim ushlaydi, u Sizning qoningizdan, jigaringizdan yaraladi. Biz nega aktyor bo'lamiz? Hayotda o'zimizga ruxsat bermaganlarimizni rolda yashab o'tish uchun, qisqagina kechadigan hayotimiz mobaynida iloji boricha kengroq fikrlash, hayotni chuqurroq his etish, kunlarimizga mazmun bag'ishlash uchun.
Shu rollarimiz bilan o'zimizni oqlamoqchi bo'lamiz. Bu o'zni aldashga yaqin, menimcha!
– Shu kunga qadar qaysi rolingiz ko'nglingizga yaqin bo'lgan?
– Aktyor nazarimda har qanday rolda o'zini qidiradi. Hatto dublyajda ham.
Tabiati shunaqa - o'zdan chiqib ketish uchun katta mehnat, kasbiy bilim va yaxshi rejissyor lozim. Biz esa dangasamiz!
– Hayotingizni o'zgartirib yuborgan yoki bevosita sizning hayotga bo'lgan qarashlaringizga ta'sir qilgan rol bo'lganmi?
– Bunday rol hali kelgani yo'q. Shunday rolni kutyapman. Asosiysi eng muhim rolingizga doim tayyor bo'lib turish. Har tomonlama!
- Shogirdlaringiz haqida ham aytib o'tsangiz...
– Hozirgi davrda hayotini san’atga bag'ishlashga ahd qilganlar oldida bosh egaman.
Bugun kino san'atining "oltin davr"i emas, buni hamma biladi. Ammo, Hudo shuni ko'nglingizga solgan bo'lsa, noilojsiz.
Bermoqning so'ramog'i ham bor. Qisqasi, bu haqda ko'p gapirish mumkin. Meni ustoz deganlarni shogird deyman, meni shogird deganlarni ustoz deyman. Muhimi, ular "fidoiy" degan sifatga mos bo'lsalar bas.
– Sizningcha taniqli, xalq suygan san'atkor bo'lishda omad ham muhim rol o'ynaydimi yoki barchasiga tinimsiz mehnat natijasida erishilinadimi?
–Tushunishimcha, omad hech qanday qonun-qoidalarga bo'ysunmaydi. Masalan, "Green card" o'yinini olaylik. Kimdir til o'rganadi, bilimini oshiradi, hayotini tubdan o'zgartirishga ehtiyoj sezib, bunga yillab tayyorlanadi. Grin karta esa "Gardkam! Bor, tavakkal!" deganga chiqadi.
Menda doimo o'zga inonish, o'zga suyanish moyilligi bo'lgan.
Ikrom Ro'zimurodov suhbatlashdi
Telegramdagi kanalimizga obuna bo'ling:
👉 T.me/dublyaj_sanati
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Комментарии 5