Aya,
Ayajonim,
Mehribon ayam,
Ayting, yuribsizmi
Masrur, salomat?
O’zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz - meni tark aylamas
omad.
Mehringiz tuyaman har bir
qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming
farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq
uchun.
O’ylanmang,
Tetikman,
Ishim joyida -
Ko‘ksimda orzular yotibdi
chaqnab.
Zuvalam pishganmi oyning
loyidan,
Gohida mehrga qolsam-da
chanqab -
Olamga muhabbat purkagim
kelar,
Sevgiga g'arq bo‘lsin deyman ona
yer.
Qalbimni parilar qo‘lma-qo‘l elar,
Tunlari uxlolmay yozarkanman
she’r.
To‘g'ri, siqilaman ba’zan,
Nima naf,
Kimga kerak, deyman, quyma
baytlarim.
Shoirlik men uchun edi-ku sharaf
Yoningizda o‘ynab yurgan
paytlarim...
Sizday silamadi boshimni hayot,
Qozonda qovrildim, qaynadim,
pishdim.
Va bugun o‘zimga qarasam,
hayhot,
Nigohim begona odamga
tushdi!?
U menga o‘zicha beradi tanbeh,
Og'amday turtkilab yo‘liga solar:
"Bolangga osh bo‘lmas qofiya,
tashbeh,
Nima kerak senga quruq
g'avg'olar?!
Odamday yashagin,
Yasha sho‘x-xandon,
Axir, yo‘q emas-ku senda layoqat.
Qadringga yetishmas kuysang-da
chandon,
Uy qur,
Mashina ol,
Qilgin sayohat..."
Unga jim boqaman,
Qilmasman ta’na,
Uni tushunaman - o‘zicha haqdir.
Lekin nima qilay, ayajon, yana
Meni olovlarga yo‘llasa taqdir?!
Netay, yasholmasam xotirjam,
sokin,
"Qo‘lingga qalam ol, - desa bir
ovoz, -
Har bir so‘zimizni yozib ol, yoki
Biz sendan butunlay kechajakmiz
voz!"
Aya, bu men uchun eng og'ir
kulfat,
Aya, menga bundan ortiq g'am
yo‘qdir.
U - mening ruhimga azaliy ulfat,
U borki qornim ham, qalbim ham
to‘qdir.
Ko‘zimga ko‘rinmas gohida
dunyo,
Uning vasli bilan yashayman
sarmast.
U kelsa - mo‘‘jiza bo‘ladi bunyod,
U kelsa - har qanday og'riq
pisandmas.
Bilaman,
Siz uchun so‘zlarim chigal,
Behuda o‘yinga o‘xshaydi balki.
Go‘yoki kirvolib g'ilof ichiga,
"Koinot - shu", deya etyapman
talqin.
Biroq maslagim shu,
Tetikman, aya,
qo‘limdan tutganday Xizrning
o‘zi.
Damba-dam to‘siqlar, g'ovlar
chiqsayam,
Manzilga yetamiz yovlardan o‘zib.
Mehringiz tuyaman har bir
qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming
farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq
uchun.
Qalbimday chechakka to‘lganda
qishloq,
Qonimday gupirsa loyqa ariqlar -
Men kirib boraman toychoqday
kishnab,
To‘zg'ib ketar barcha alam,
og'riqlar.
Ungacha chidang Siz,
Charchamang, aya,
Masrur bo‘ling doim,
Bo‘ling salomat.
O’zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz - meni tark aylamas omad...
Nodir Jonuzoq
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1