O'lsa o'zi o'lar
So'zi o'lmaydi,
Hamisha barhayot nasl shoirlar.
Haqiqiy shoirning qabri bo'lmaydi,
Yurakka ko'milar asl shoirlar.
Yo'qsa yo'qlamoqni o'rgating menga,
Cho'lponni go'rini ko'rsating menga.
Xazon bilmas bog'dir, shoirning zo'ri,
Sarxil mevalari muntazir bag'ir.
Ko'kka tutash tog'dir shoirning zo'ri,
Tog'ni yerga ko'mib bo'lmaydi axir?...
Ertak so'ylamakni to'xtating menga,
Cho'lponni go'rini ko'rsating menga.
Boshga bolish qilib qayin po'stini,
Balki u horganu, uxlab yotgandir.
Dushmani tan berib, qo'riqlab uni,
Ehtimol, eng yaqin do'sti yotgandir...
Rost so'zini aytar, uyg'oting menga,
Cho'lponni go'rini ko'rsating menga.
Qani she'rni yengan mahmadonalar,
Yeng shimarib engan mahmadonalar.
O'zin charbog'idan o'zi yulqilab,
Gulxanga gul ko'mgan mahmadonalar?
Turtib turg'azing bir, so'zlating menga
Cho'lponni go'rini ko'rsating menga.
O'zi qalandar-u shoir bayti - shoh,
Tuproqda giyoh-u osmonda qushdir.
Shoirni o'ldirmoq - suvni yondirmoq,
Yerni sindirmoqdek mushkil yumishdir.
Ey, siz, o'ylab so'zni o'ynating menga,
Cho'lponni go'rini ko'rsating menga.
Muhammad Yusuf.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев