Qog'irchoq
Miyamdagi yangi jarayonlarni
tushunishim uchun ma’lum vaqt
sarflashimga to’g’ri keldi. O’zligim
tubsiz jarga qulaganu, yuqoriga
talpingani sari devordagi qumlar
ko’ma boshlamoqda. Jarayon
boshlanganiga besh kun bo’ldi.
Boshimdagi g’o’ng’illash
tovushlarga aylandi, keyin
o’zimni yo’qota boshladim,
tanamni esa kimdir ipli
qo’g’irchoqni boshqarganday
boshqarardi.
Birinchi buyruq: “Pichoqni olib,
kimgadir sanch!” edi.
***
Ko’p yillardan buyon “Kumush
ko’z yosh” restoranida oshpaz
bo’lib ishlayapman. O’qishni
bitirib, restoranga kelganimda
hamma singari idish–tovoq
yuvuvchi bo’lib ishladim. Mening
ovqat pishira olishim hech kimga
qiziq emas, balki tozalikni
saqlashim, omadli qartamday edi.
O’n besh kundan so’ng yangi –
idish tashuvchilik lavozimiga
ko’tarildim. Sabzavot archuvchi
kichik oshpaz, katta oshpaz
yordamchisi. O’n olti yillik
xizmatlardan keyin o’z ish
joyimda xo’jayinga aylandim –
bosh oshpaz bo’ldim.
Ko’pgina taomlarni boyitdim,
tarkibini qayta ko’rib chiqdim,
tadqiqotlar, xo’randalar takliflari
– qisqasi, taom pishiruvchi ilmiy
xodim bo’ldim. Bosh oshpaz
lavozimining bir kamchiligi u
faqat “mahsus” odamlarga, yuqori
toifadagi korchalonlarga taom
tayyorlashi edi. Vazifam, aql
o’rgatuvchi boshliq bilan
oshxonani tekshirib kerakli taom
pishirilishini kuzatuvchi menejer
o’rtasida edi. “Kumush ko’z yosh”
binosini shaharning boshqa joyiga
ko’chirganida xo’jayinimiz meni
yangi restoranga taklif qildi. Men
jon deb rozi bo’ldim. Ish soat
ettida boshlanadi, o’ngacha
davom etadi, o’ndan o’n ikkigacha
tanaffus. Keyin uchgacha ish,
ettida yana tanaffus tugab, kechki
smena boshlanadi va u o’n
birgacha davom etadi. Qo’l
ostimda uch smenada ishlovchi
saksondan ortiq ishchi bor.
Beshinchi kun. Shahardagi nufuzli
tashkilot boshlig’i uning uchun
taom pishirib berishimni iltimos
qilibdi. Go’shtni parrak qilib
kesayotganimda ovoz yana
“chalg’ita” boshladi:
“Qo’rqmasang-chi, jonliroq. Sen
buni ming martalab qilgansan…
Birgina zarba ruhingni taskin
topishiga kifoya qiladi.” Qo’lim
qaltirab pichoqni tushirib
yubordim, erga tegib, jaranglagan
pichoqni ko’rganlar menga
hayron qarab qolishdi. “Unga
qiyin”. Kimningdir ovozi past
eshitildi.
“Hamma ishini davom ettirsin”
dedim baqirib, har holda
oshpazning pichoq tushirishi o’ta
mas’uliyatsizlik hisoblanardi.
Boshqa pichoqni olganimda
tovush davom etdi: “Senga nima
bo’layapti? Balki ish bosim
o’tkazayotgandir? Tanla, sen yoki
kimdir”.
Har bir so’z miyamga mix
qoqayotganday bo’lar,
tasavvurimda burnimdan,
quloqlarimdan, og’zimdan qon
sizib chiqayotganday tuyulardi.
Yuzimni peshband bilan artdim,
kuchli terlabman.
To’qizinchi kun. Shu kunlar
ichida har safar qo’limga pichoq
olganimda miyamda ovoz paydo
bo’lardi. Musiqa qo’yib ko’rdim,
befoyda. Ish qilishga qo’ymasdi. U
meni qog’ozday g’ijimlab
tashlagandi, endi chiqindi idishiga
tashlashi qolgandi xolos.
Uyga keldim, “Burbon” ichdim,
orom kursida yonboshlab
o’ylandim: ovoz mendan nima
xohlayotgan ekan? Oshxonaga
o’tdim. Tortmadan pichoqni
olishim bilan so’z boshladi:
– Odam o’ldir, – shivirladi ovoz.
– Kimsan? – havoda pichoq
o’ynatdim.
– Bu muhim emas, odam o’ldir,
axir sen oldin ham qotillik
qilgansan-ku.
– Bo’lmagan gap! – baqirib
yubordim.
– Eslolmaysanmi? Qotilsan.
– Odam o’ldirish – molni so’yish
emas. – Ko’zlarim qizib ketdi.
Ko’zguga qaradim, ko’zlarim
tomirlari bo’rtib chiqqandi. – U
qiynaladi, uning oilasi, yaqinlari
qiynaladi.
– Bo’lmagan gap, murdaga qiziq
emas kimning qiynalishi.
– Mening qotillik qilishim senga
nimaga kerak? – qo’limni
boshqara olmasdim, ovoz meni
boshqarar va men qo’limni
kesardim.
– Sen majbursan, ularni tanla
yoki o’zingni, – pichoq yanada
chuqurroq kesardi. – Men sening
yashashingni xohlayman.
Bazo’r pichoqni tashlashga kuch
topdim. U meni qotillikka
majburlayapti, men uni yo’lidan
bormayman. Qotilsan, dedimi?
Kimni o’ldirgan ekanman?
***
O’qishni bitirib, ishga kirgan
yilim bir qizni sevib qoldim. U
oshpazlardan birining singlisi
bo’lib, opchasini ko’rgani
kelganida tanishib qolgandik.
Tamara – juda ham chiroyli qiz. U
boshlang’ich sinfda o’qituvchi
bo’lib ishlardi. Sakkiz oylik
sinovlardan so’ng oila qurdik.
– Men oshpazman, ovqatni faqat
men pishiraman, sen qozonning
oldiga boshqa ayollarga o’xshab
yaqinlashishing shart emas, –
deya kuldim.
– Men xursandman, – u ham
kuldi.
Ishlarim ko’payganda u
restoranga xo’randa sifatida
tashrif buyurardi. To’rt yil
hayotimiz baxtli, go’zal
voqealarga boy bo’ldi. Hammasi
ajoyib qo’shiq kabi yoqimli edi.
Biroq bu kuyning tez orada
yakunlanishini sezib turardim…
Oppoq, ozg’in tanasi uning
kamqonligini bildirib tursa-da,
farzand ko’rishni istadi. Onalik
tuyg’usi uni o’ylamasdan qaror
qabul qilishga majburladi.
Moliyaviy ahvolimiz mo’’tadilligi
ham bizga bunday imkoniyatdan
foydalanishimizga sharoit yaratib
bergandi. Homila unga og’ir ta’sir
qildi, to’rt oyligida ishdan
bo’shashga to’g’ri keldi. Boshi tez–
tez aylanar, ko’ngli behuzur
bo’lardi, egani yuqmasdi. Men
undan xavotirda edim,
qo’shnimizga xabar olib turishini
tayinlab ishga ketardim. Har ikki–
uch soatda qo’ng’iroq qilib
turardim. To’qqizinchi oyga
etganida uni shifoxonaga
yotqizmoqchi bo’ldim, rozi
bo’lmadi.
O’sha baxtsiz kunda restoranga
ko’p marta qo’ng’iroq qilibdi,
faqatgina men uni tug’ruqxonaga
olib borishimni, farzandimiz ota–
onasini birga ko’rishini istabdi.
Qo’shnimizning vaqtni o’tkazib
qo’ysa, homilaning axvolini
og’irlashtirishi haqidagi gaplari
ham ta’sir qilmabdi. Meni kuta–
kuta og’riqdan hushidan ketibdi.
Keyin shifokorlar tug’ruqxonaga
olib borishganida bola bo’g’ilib
nobud bo’lganligini aytishibdi.
Nafaqat xotinim, balki men ham
nima qilish kerakligini bilmay
qoldik. O’rtamizdagi ishonch
qog’oz devor kabi salobatli ekan
xolos, behol suyanish zarurati
tug’ilganida u quladi, tushdi.
Xotinimning fikricha, hammasiga
men sababchi ekanman. Agar
qo’ng’iroqqa javob berganimda,
o’sha kaltafahm xo’randalardan
ko’ra farzandimni qadrlaganimda
bolamiz omon qolishi tayin ekan.
Menda esa gunohkorlik tuyg’usi
paydo bo’ldi.
– Meni tanlang yoki o’sha
oshxonangizni! – Tamara shart
qo’ydi.
– Bilaman, aybim katta, biroq
men boshqa ishni eplolmayman.
– Unda men ketaman, –
kiyimlarini taxlay boshladi.
– Qayoqqa? – qo’lidan ushladim.
– Ajrashaman…
– O’ylab gapirayapsanmi?
– Bitta sinovga chidolmagan
nikohdan umid qolmadi, –
shunday deya jomadonlarini
ko’tardi. – Sizning tanlash
imkoningiz bor.
Men ishni tanladim, so’ng
ajrashdik.
***
Tirik tug’ilmagan bolaning qotili
deb meni bilgan ekan–da. Axir
qandaydir xayollar meni haqiqiy
qotilga aylantira olmaydi–ku.
Undan tashqari qotillik jiddiy
jinoyat, uzoq muddatga
qamalishim aniq. Yoki miyam
aynib qoldimi, ruhshunos
qobuliga yozilmasam bo’lmaydi.
Restoranga keldimu pichoq
ushlashga qo’rqib qoldim. Soat
sakkizgacha zo’rg’a amalladim,
bo’lmadi – taom tayyorlashga
majbur bo’ldim. Qo’lim qaltirardi,
o’zimni yo’qotib qo’yib, odam
o’ldirib qo’ysam-chi. Shartta
pichoqni oldim-da:
– Senga odam o’ldirish
kerakmidi,– deb qushxonaga
kirdim.
– Bu yerda odam yo’q, tashqariga
chiq, - chiyilloq ovoz asabiylashdi.
Muzlagan hayvon tanalari
butunicha ilgaklarga ilingan,
tanasidan chiqqan qonlar qizil
sumalakka aylangandi. Sovuq bug’
xonaning devorlarida
quvlashmachoq o’ynashardi.
Kattakon molning oldiga kelib,
endi pichoq urmoqchi
bo’lganimda yordamchim chaqirib
qoldi:
– Shef, nima qilayapsiz? – u nima
bilan mashg’ulligimni bilardi.
– Go’sht olishga kirgandim.
– Sizni xo’jayin chaqiryapti.
Xonasiga borar ekansiz.
Pichoqni topshirib, qo’limni
peshbandga artdim-da,
xo’jayinning xonasiga yo’l oldim.
Eshikni taqillatganimda
ichkaridan “kiring” degan ovoz
eshitildi.
Chiroyli jihozlangan xona,
devorlariga turli polotnolar
osilgan, tokchalarda Xitoy
chinnisi, xo’jayinni o’zi esa qora
charm qoplangan kattakon
kursida o’tirardi.
– Keldingizmi? – u hurmat
yuzasidan o’rnidan turib, qayta
o’tirdi.
– Chaqirtirgan ekansiz.
– O’tiring, – joy ko’rsatdi.
– Ustim kir, turaveraman, – shu
ahvolda oshxonaning hidi kelib
turgan kiyimlarim bilan
xo’jayinning hurmatli mehmonlar
uchun ajratilgan kursisiga
o’tirishim juda odobsizlik bo’lardi.
– Yaxshi, qisqa qilaman. Men sizni
anchadan buyon bilaman. O’zingiz
ham yigirma yildan ko’proq
restoranimizda ishlayapsiz, – meni
hafa qiladigan qandaydir gap
aytmoqchiday tuyuldi. Shunday
bo’lsa-da, ovozi pastroq edi. –
Oxirgi kunlarda xo’randalarimiz
sizning taomlaringizdan
noroziliklarini bildirishmoqda.
Shu kungacha dam olishsiz
ishladingiz. Siz haqiqiy fidoyisiz.
Endi yo’q, yaxshisi, bir–ikki hafta
ta’til oling, ta’tildan so’ng bafurja
gaplashamiz.
Men esa sur’atlarga tikilgancha
xo’jayinning gaplarini tinglardim.
– Tushundim… Ketsam bo’ladimi?
Ular meni olib tashlashmoqchi,
mening vaqtim o’tdi. Uning ustiga
manna bu ovoz. Xonadan
chiqdim-da, yechinish xonasiga
o’tdim, oshpaz kiyimini ko’cha
kiyimiga alishtirdim. Mana endi
ishsizman, odamlar sendan
foydalanishadi-da, birgina xato
qilsang, uloqtirib tashlashadi. Ular
uchun sening kimliging qiziq
emas, foyda keltirsang bo’ldi,
foyda keltirishdan to’xtaganingda,
“uzr” deyishadi xolos. Uzringni
pishirib ye. Oshxonaga mendan
avvalgi bosh oshpaz bergan
esdalikni – bosh oshpaz pichog’ini
olishga kirdim. Yarim soat oldin
mening qo’l ostimda ishlayotgan
odamlar, o’rnimga kim qolishini
muhokama qilashardi. Meni
ko’rib, birdan jim bo’lishdi-da,
o’zlarini nima bilandir banddek
ko’rsatishdi. La’natilar. Pichoq
shishi quti ichida, mahsus
suyanchiqlarga mohirona
joylashtirilib, chiroy ochiv turardi.
Tuhfani oldimda xayr–ma’zurni
nasiya qilib, ko’chaga chiqdim.
– Xo’jayining seni xor qildi, –
miyamda ovoz eshitildi. – U
o’limga mahkum.
– O’limga mahkum bo’lsa, o’zing
o’ldir.
– Men seni ogoxlantirgandim…
Ko’chada ketib borar ekanman,
ko’zlarimga Tamara ko’ringanday
bo’ldi. Uni tanasi yulduzday
porlar, chiroyli qizil ko’ylakda
gullar terardi. Ko’zlarimni
ishqaladim, bo’lishi mumkin
emas, qorong’u bo’lsa, bu asfalt
ko’chada gul nima qilsin.
Sumkamdan pichoqni oldim-da,
sigareta qoldiqlari uchun
mo’ljallangan qutiga tashladim.
Bu oxirgi ish kunim. Butun
oshpazlik hayotimni shu ahlat
chelakka uloqtirdim.
Uyga keldim, sevimli
“burbon”imni ichdim. Tamarani
ko’rganim bekorga emas, uni
sog’inganman. U mening
taqdirim…
Ajrashganimizdan keyin u
turmushga chiqdi, ammo omadi
yurishmadi. Farzand
ko’rolmasligini bilib, eri
ajrashishni taklif qildi. Opasining
aytishicha, u g’amgin bo’lib
qolibdi, men haqimda ko’p o’ylar
ekan.
Uni haqiqatan sevardim, bu
tuyg’u yana qaytdi. Endi birga
bo’lamiz, la’nati oshxonani
tashlayman. Biror ish qo’limdan
kelib qolar. Faqatgina Tamara
men bilan birga bo’lsa bo’lgani.
Mayli injiqliklariga ham
chidayman.
Uning telefon raqamini
bilmaganligim uchun opasiga
qo’ng’iroq qildim.
– Allo, Sabrina. Men Yakobman.
– Tanidim, bosh oshpaz, – ovozi
qandaydir tashvishli edi.
– Tamarani qayerdan topsam
bo’ladi?
– Sen eshitmagan bo’lsang kerak.
Ikki soat avval… – uzuq–yuluq
gapirdi-da, piqillab yig’lab
yubordi, – Uni pichoqlab ketishdi.
Hozir o’likxonadan chiqib
turibman.
– Qanaqasiga?!.. – butun vujudim
bo’shashib, mening ham ko’zlarim
yoshlandi…
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев