Yomon tush ko'rib uyg'onib ketdim. “Tavba qildim, bu nimasi?
Yaxshilikka bo'lsin” deb o'yladim xo'rsinib. Qorong'uda
paypaslab telefonimni topdim. Qatorasiga beshta SMS
turardi. Shoshib, ochib o'qiy boshladim. Ikkitasi SIM-kartaning
kompaniyasidan ekan, o'qimasdan keyingilariga o'tdim.
“Bolamga kun bermayotgan ekansan. Seni Xudoga soldim...”
Xatning davomi qarg'ishga to'la edi. Yuragim siqilib telefonni
o'chirdim, qolgan ikkita SMSni o'qishni istamadim. “Men bu
ayolga nima qildim?” degan savol yuragimni o'rtay boshladi.
Jahl ustida unga javob yozmoqchi bo'ldimu, lekin erimning
“og'irroq bo'l” degan gapi esimga tushib, alamimni ichimga
yutdim. O'rnimdan turib tinchlantiruvchi dori ichib, uxlashga
harakat qildim. Bo'lmadi. Tonggacha kiprik qoqmadim.
Ertalab ishdan kelgan erim kayfiyatim yomonligini sezib
“tinchlikmi?” deb so'radi. Indamay unga telefonni uzatdim.
O'qimasdan nima gapligini tushungan erim, uf tortib telefonni
kresloga tashladi.
— Senga necha marta aytganman, uning gaplariga e'tibor
berma, deb... Bolalar qani?
— Ovqatlanishyapti.
— Bog'chaga qo'yib kel, keyin gaplashamiz.
Kechgacha bu mavzuda gaplasha olmadik. Erim
“smenad”dan charchadim deb o'zini uxlaganga solib yotib
olgani uchun men ham indamadim. Bog'chadan kelgandan
buyon injiqlik qilib turgan Boburning orqasiga bir tarsaki
tushurgach, chidab turolmadim. Bolani qo'lidan tortib oldim.
Ko'zidan miltillab oqayotgan yoshlarni mitti kaftlari bilan
artayotgan Bobur va akasining kaltak yeganidan qo'rqib
joyida qotib qolgan Lobarni qo'lidan tutib, xonasiga
yetakladim.
Bolalarni uxlatib kelganimda ham erim joyidan jilmagandi.
Xona tutunga to'lib ketganidan nafas olib bo'lmasdi.
— Balki Boburjonni bir-ikki haftaga uning yoniga yuborarmiz...
— dedim qo'rqa-pisa.
— Nima?! Oxiri ichingdagini aytding-a! Qutulolmay
yurganingni biluvdim!
— O'ylab gapiryapsizmi... Axir uni o'z bolamdek...
— Yolg'on! Bilasanmi, seni Loladan farqing nimada?! U
qanday bo'lsa, shundayligicha ko'rinadi. Sen esa
ikkiyuzlamachisan! U bizni yomon ko'rishini yashirib
o'tirmaydi, sen esa o'zingni Boburni yaxshi ko'rgan qilib
ko'rsatasanu, lekin ichingda o'gaylik qilasan!
Oyog'imning uchigacha muzlab ketdim. Men nima dardda
gapiryapmanu, u nima deyapti. Alam qilganidan tilim tutilib
qoldi. Erim “bolamga o'gaylik qilmayapsanmi?” deb hazil-chin
aralash bir-ikki marta gapirgan, bu gapga unchalik xafa
bo'lmaganman. Hamma ham bolasi uchun xavotirlanadi-da,
bir kun kelib tushunib qolar, deb o'zimni ovutardim. Lekin
bugun meni Lolaga tenglashtirgani, shuncha yillik mehnatim,
bardoshim evaziga “ u sendan yaxshiroq” degani yuragimga
tig'dek botdi.
— Nima?! M-meni kimga tenglashtirayotganingizni bilasizmi?
Axir... — xo'rligim kelganidan erimning yuziga ham qaragim
kelmay, eshikni taraqlatib yopib chiqib ketdim. Bolalarning
xonasiga kirib ham tinchlana olmadim. Nima qilishni bilmay u
yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladim. Shayton “qizingni ol-
da, chiqib ket, o'g'li bilan bilganini qilsin” deb ko'tara boshladi.
Darrov bu xayollarni miyamdan haydadim. Boburni o'zim
katta qilganman, qanday qilib uni tashlab ketaman.
Yig'lay-yig'lay bolalarning yonida uxlab qolibman, ko'zimni
ochsam, erim ustimga ko'rpa yopib ketibdi. Shuncha gapni
eshitib, hech nima bo'lmagandek yura olmasdim. Lekin
bolaga jabr qilish ham qo'limdan kelmasdi.
— Zaxro.. kechir, jahl ustida gapirib yubordim.
Indamadim.
— Nima qilay, bolani unga bergim kelmaydi-da... Lekin
qaytarib berishga majburman shekilli...
Qo'rqib ketdim.
— Esingizni yedingizmi? Nega bunday deyapsiz? Men faqat
bolasini sog'ingan bo'lsa, ko'rsin demoqchiydim...
— Boshqa ilojim yo'q... Bunday yashab bo'lmaydi. U ham
ona-ku, o'z bolasiga yomonlik qilmas. Shunday qilsam, balki
tinch qo'yar, biz ham odamdek yasharmiz...
Ovozi titrab ketganidan bu gaplarni aytish unga qanchalik
qiyinligini tushunib turardim.
— Yo'q, unday qilmang, iltimos. Nahotki tushunmayapsiz, axir
uning maqsadi ham shu! Bizni urushtirib qo'yib, bolani olib
ketmoqchi.
— Hozircha bu gapni hech kimga aytmay tur, men yaxshilab
o'ylab olay, keyin bir qarorga kelaman.
Nima qilishni bilmay ich-etimni yeya boshladim. Bu gapni
eshitganimdan keyin kecha eshitgan haqoratim ham esimdan
chiqib ketdi. Erim bolalarni bog'chaga olib ketgach, shoshib
qaynonamga telefon qildim.
— Voy, o'lsin, u menga ham telefon qilgandi, sizlarga aytmay
turuvdim... Ering bekorini aytibdi, Lolaga beradigan nabiram
yo'q! U haqida eshitgan gaplarni aytsam, tepa soching tikka
bo'ladi. Kuni-kecha qo'shnim keldi, o'sha shahardagi
mehmonxonalardan birida oshpaz bo'lib ishlarkan.
“Keliningizni ko'rsangiz tanimaysiz, sochining yarmini qirdirib
olib tashlagan, orqasida to'rtta kokil qoldirgan. Qopa-qora
shim va kurtkalar kiyib, allaqanday temir-tersaklarni taqib
yuradi. Ishonsangiz, uning turqidan ot hurkadi. Meni tanisa
ham tanimaganga olib o'tib ketadi. Ko'rinishimni
o'zgartirsam, hamshaharlarim tanimaydi deb o'ylasa kerak-
da. Bir ishlar qilib yuribdiki, aytishga tilim bormaydi” dedi. “U
mening kelinimmas, o'g'lim ajrashganiga besh yil bo'lyapti,
bilganini qilib yuraversin, menga nima dedim”. To'g'risi-da,
hozirgi zamonda chet elda ishlaydigan yoki o'qiydigan odam
bitta umi? Hammaning ham ortidan bunaqa gap eshitmaymiz-
ku. Odamning o'ziga bog'liq hammasi, deb qo'shnimni koyib
berdim. Bir yoshga to'lmagan bolasini tashlab, “men
boyvuchchalardek yashashni istayman” deb ketvorgan
ayoldan nimani ham kutish mumkin. Menga desa, o'lib
ketsin...
— Qo'ying, oyi, qarg'amang. Men uni o'ylamayapman, o'zi
shu ahvolda yashasa, Boburga qanday qaraydi?.. O'g'lingizni
bir amallab bu fikrdan qaytaraylik.
Kun bo'yi shu xayol bilan yurdim. Bog'chadan bolalarni olib
kelish uchun otlanayotganimda Boburning tarbiyachisi telefon
qilib qoldi. Xavotirlanib go'shakni oldim.
— Zaxro opa, tez kelmasangiz bo'lmaydi, bir ayol kelib “men
Boburni onasiman” deb janjal qilib yotibdi. Qanday qilib
bog'chaga yetib borganimni bilmayman.
Bog'cha mudirasi va tarbiyachilar qurshovida shang'illayotgan
bir ayol tarbiyachilarning ortidan menga o'girildi.
— Boburjon qani? — dedim hech kimga e'tibor bermay.
— Yotoqxonaga kirib yashirinib olgan, — aybdorona yerga
qaradi tarbiyachi.
Otilib bolalar uxlaydigan xonaga kirdim. Lolaning yonidan o'ta
turib, uning usti-boshiga nazar soldim. Qaynonam
ta'riflaganidek otni hurkitadigan darajada kiyinmagan, boshida
shapkasi bo'lgani uchun soch turmagi ko'rinmasdi. “O'zini
sipo ko'rsatmoqchi bo'libdi-da” degan xayol o'tdi miyamdan...
Bolaginam eng chekkadagi karavotda yig'lab o'tirardi. Eshik
ochilganidan cho'chib tushib qo'rquv to'la ko'zlari bilan
menga qaradiyu, baqirib yig'lab yubordi. Keyin quchoq
ochgancha menga otildi. Shu lahza haqqi, bolaginam mendan
madad kutgandek ikki qo'lini cho'zgancha yugurib kelayotgan
lahza haqqi, ikki dunyoda ham bolani unga bermayman deb
qasam ichdim! Bag'rimga otilgan bolaginamning yurak urishi
eshitilib turardi. “Bolani qo'rqitibdi” deb o'yladim va ovutish
uchun uning ko'zlaridan o'pa boshladim. Shu payt tarbiyachi
hech gapdan xabari yo'q qizimni ham yetaklab keldi.
— Zaxro opa, boshqa eshikdan chiqing, anovi ayol shallaqilik
qilib yotibdi...
— Yo'q, to'g'ri yo'ldan chiqaman, — dedim va o'g'limni
ko'tarib, qizimni qo'lidan tutdim. Bu jur'at menda qaerdan
paydo bo'ldi bilmayman, ayollar yig'ilib turgan bog'cha
hovlisiga chiqdim. Ayolga ko'zi tushgan Boburjon yuzini
bo'ynimga yashirdi.
Hamma menga qarab turardi. To'g'ri ayolning yoniga bordim
va boshimni baland ko'tarib:
— Qancha gapingiz bo'lsa, erim bilan gaplashing! Agar yana
bolalarimni qo'rqitadigan bo'lsangiz, militsiya chaqirishadi! —
dedim e'tirozga o'rin qoldirmaydigan ohangda va yo'limda
davom etdim.
Ayol miq etmadi. Bog'chadan chiqqanimdan keyin esa
qo'rqqanimdan oyog'im qaltirab ketdi.
Erim va sobiq xotini o'rtasidagi tortishuv anchagacha davom
etdi. Men bu ishlarga umuman aralashmadim, bolalarimni
ham aralashtirmadim! Lolaning qilmishlari isbotlanib, onalik
huquqidan mahrum etilgach, u yana kelgan joyiga qaytib
ketadigan bo'ldi.
Bu xabarni eshitib, endi tinch yashasak kerak, deb yengil tin
olganimda telefonimga begona raqamlardan SMS keldi.
“Bolamni o'z bolangdek ko'rishingga ishontirganing uchun
ham rahmat. Bolamni senga, seni Xudoga topshirdim” deb
yozilgandi xatda. Shu damda ayolga emas, onaga achinib
yig'lab yubordim. Ichimda “agar bir kun kelib Boburjon onasini
ko'rishni istasa unga qarshilik qilmaslik uchun menga kuch
berishini Xudodan so'radim...
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев