Provodnik anchagina baquvvat ayol bo‘lib, yuzlari dum-dumaloq, lablarini esa pomada bilan qip-qizil bo‘yab olgan, yuzining o‘ng tarafida katta qora xoli bor edi. Qoshlari chimirilib, bir-biriga qo‘shilib ketgandi. Qiz ham, yigit ham yuzidan zahar tomib turgan provodnikka salom berishdi. – Valeykum assalom, – ensasini qotirib alik oldi provodnik ayol. – Qani biletlaringni ko‘rsatib qo‘yinglar-chi. Aytib qo‘yay, mening vagonimda quyonlar bo‘lmaydi. Biletsizlarni qattiq jazolayman. Ushlab militsiyaga topshiraman, – o‘dag‘ayladi. Zilola biletini ko‘rsatdi va provodnik uning biletini tekshirayotganda, yigitda bilet borligidan bexabar, provodnikka qo‘rqa-pisa vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘ldi: – Bilasizmi bularda... bular, – tutilib qolardi Zilola. – Menga...mening...telefonim bularda qolib ketgandi. Menga yordam beraman deb...bularni jazolamang...bularda ayb yo‘q...men sababchiman. – Qizcha bular kim sizga? – jahl bilan o‘qrayib so‘radi provodnik ayol. – Hech kim, – Zilola uyalib ketdi. – Hamma o‘z-o‘ziga javob bersin, – dedi provodnik. – Qani yigitcha biletingiz? Zilola xijolat chekib qarab turardi, Rustam esa xotirjam biletni uzatdi. Zilola hayron qarab qoldi. – Mana joyida ekanku hammasi, nimaga jazolayman? – biletni tekshirib provodnik ayol. – Manzilinglarga yaxshi yetib olinglar, – biletni qaytarib chiqib ketdi. Zilola darrov Rustamga xo‘mrayib qaradi: – Aldoqchi biletingiz bor ekanku. Nimaga meni aldadingiz? – Siz yana noto‘g‘ri tushunyapsiz, – o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi Rustam. – Siz aktyormas, aferist ekansiz, – xo‘mrayib yuzini chetga burib oldi Zilola. Rustam boyagi amaki bilan bo‘lgan suhbatni aytib berdi. Qiziqib eshitgan Zilola: – Nimaga shuni darrov aytmadingiz?, – dedi. – Meni kechiring, – deb Rustam uzr so‘radi. Poyezd tinmay yo‘lida davom etardi. Qahramonlarimiz esa judayam qizg’in suhbatlashishardi. Yigit o‘qishida bo‘lgan qiziq voqealarni rolga kirishib gapirib berar, qiz esa undan ko‘zini uzmay eshitardi. Ko‘zlar to‘qnashib qolganda esa, u uyalgancha yerga qarardi. Rustam borgan sari Zilolaga bog‘lanib borayotgandi. Qiz ham yigitga nisbatan bee’tibor emasdi. Oradan qanchadir vaqt o‘tib poyezd bir siltanib to‘xtaydi. Rustam va Zilola bir-biriga hayron qarashdi. Tashqarida biroz g‘ala-g‘ovur eshitildi. Shu on kupe eshigi ochilib, unga Jabbor og‘a tirmashadi. Uning orqasidan kimdir tortyapti. – Haaaa, biletsiz bemalol ketaman deb o‘ylaganmiding? – tortayotgan boyagi baquvvat provodnik ayol edi, – Ogohlantirmaganmidim mening vagonimda quyonlar bo‘lmaydi deb. Stop–kranni bekorga tortdimmi? Qani yur. – Yordam beringlar, – deya oldi xolos, Jabbor og‘a. Provodnik ayol uni vagondan tashqariga sudradi. – Ular meni deb shu ko‘yga tushdilar. Borib vaziyatni tushuntiray, – dedi Rustam. – Xop. Faqat ehtiyot bo‘ling, – xavotir oldi Zilola. Rustam chiqib ketdi. Tashqarida yana g‘ala- g‘ovur eshitildi. Birozdan so‘ng provodnik ayol ikki kaftini bir-biriga ishqalab qaytib kupega kirdi. Kupening ichiga qarab: – Ana biletsizlarning jazosi shu, – qilgan ishidan mamnun, – Bu yerda quyonlar yo‘qmi? – qizga qaradi. – Sizning biletingiz bormi? – qiz shoshib biletini chiqardi. – Ha aytgancha bu yerdagi yigit sizning tanishingizmidi? – qiz qo‘rqib yo‘q deganday bosh silkitadi. – Uniyam biletsizning yonini olgani uchun tushirib yubordim, – poyezd bir silkinib yurishni boshladi. – Ana endi bemalol ketamiz, – shunday deb chiqib ketdi.
Tashqaridan Rustamning Zilola deb chaqirgani eshitildi. Zilola shoshib oynadan qaradi. Poyezd esa tezlashdi. Rustam baqirganicha poyezdning orqasidan yugurdi: – Zilola men albatta sizni topaman. Meni kuting. Albatta topaman, – Rustamning ovozi ham, o‘zi ham tobora uzoqlashardi. U yugurayotganda telefon raqamini baqirib aytdi. Lekin shovqin tufayli faqat boshidagi 3ta raqamini eshitdi Zilola. Rustam ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha oynadan qarab turdi Zilola. Rustam esa poyezdning orqasidan yugurgancha qolib ketdi. Poyezd o‘zi bilan uning yuragida ochilayotgan ishq g‘unchasini qo‘shib olib ketdi. U bunday bo‘lishini hayoliga ham keltirmagandi. Oradan uch oy o‘tdi. U shu uch oy davomida har kuni vokzalga kelar, Zilolani qidirardi. Bu orada o‘qish mavsumi boshlandi. U hatto o‘qishiga ham qiziqishi so‘ndi, bormay qo‘ydi. U hatto bir necha bor poyezdda Samarqandga borib keldi. Poyezdda Zilolani uchratish umidida edi. Ammo Zilolani topa olmasdi. Bir kuni doimgidek vokzalda uni kutib o‘tirgandi, oldidan Jabbor og‘a chiqib qoldi. – Iye Rustamjon, qalaysan? Ishlaring yaxshimi? – quchoqlashib ko‘rishishdi. – Rahmat yaxshi. O‘zingiz qanaqasiz? Yana xizmat safarimi? – so‘radi Rustam. – Ha. Bu safar ikkita bilet oldim, – biletlarini ko‘rsatdi Jabbor og’a. – Har ehtimolga qarshi, – kuldi. – Sen nima qilyapsan bu yerda? – so‘radiyu, Rustamning bosh egganini ko‘rib tushundi. – Hmmm haliyam u qizni topmadingmi? Meni kechir, ukam. Hammasi meni deb bo‘ldi. O‘shanda...
– Nimaga uzr so‘raysiz? – uning gapini bo‘ldi Rustam. – Aslida men uzr so‘rashim kerak sizdan. O‘shanda biletingizni menga berib yubormaganingizda shu ahvolga tushmasdingizku. Jabbor og‘a yana quvnoq holatiga kirib: – E siqilma, ukam. Mana meni aytdi dersan. Sevganingni shu bugun uchratasan. Mana ko‘rasan, yuragim sezib turibdi, – Rustamning yelkasiga qoqdi. Shu payt Rustamning telefoni jiringladi. Rustam
telefoniga qarab: – Jabbor og‘a, uzr dadam telefon qilyaptilar, – Jabbor og‘a bosh irg‘idi. Rustam chetroqqa o‘tib, – Assalomu alaykum dada. Go‘shakning narigi tarafidan Rustamning dadasining ovozi chiqdi: – Valeykum assalom o‘g‘lim. O‘g’lim, haliyam vokzaldamisan? Qachon uyga qaytasan? – Dada, men u qizni topishim kerak. Topmaguncha qaytolmayman, – dedi Rustam.
Jabbor og‘a uni chetdan kuzatib turardi. Dadasi: – Bolam, shuncha boshqa qizlar borku. Uni ismidan boshqa hechnarsani bilmaysan. Uni topishingga umid yo‘q. Qaytaqol bolam. – Dada, men uni sevib qolganman. Uni topaman deb so‘z berganman, – kuyib-pishib gapirdi Rustam. – Nega tushunmaysan? – dadasi qattiqroq gapirdi, – U qiz tush, sarobday o‘tib ketdi. Uyga tez qayt. O‘qishingni o‘yla. Axir nima niyatlarda kirgansan o‘qishga? Rustam jahl bilan gapirishni boshladi: – Qaytmayman, dada, qaytmayman. Uni topmaguncha qaytmayman... – gapirayotganda kimdir uning qo‘lidan telefonni tortib oldi. – Otalar bilan bunaqa gaplashilmaydi, – dedi telefonni tortib olgan odam. Rustam qarab ko‘ziga ishonmadi. Ha, bu Zilola edi. Uch oy davomida qidirgan insoni. Tunlarini bedor o‘tishiga sababchi bo‘lgan o‘sha qiz. – Qayerdan o‘rgangansiz bunaqa muomalani? – uch oy avval o‘zi aytgan gapini qaytardi qiz. Rustam gapirolmay qoldi. Qiz qulog‘iga telefonni tutdi: – Assalomu alaykum amaki. Xavotir olmang, o‘g‘lingiz uyga qaytyapti. Hademay ko‘rishasizlar. Rustamning dadasi biroz tutilib: – Valeykum assalom bolam. Siz kim bo‘lasiz? – Men... – Zilola Rustamga bir qarab oldi, – Men vokzal xodimiman. Vokzalda shovqin ko‘tarish mumkin emas. Shunga o‘g‘lingizga biroz dakki beraman. Aybga buyurmaysiz. Dadasi: – O‘g‘lim uchun uzr so‘rayman. Rahmat qizim, – xijolat bo‘lib uzr so‘radi. Zilola Rustamga telefonni uzatib: – Va’dangizni bajarmaysizmi? Rustam qizdan ko‘zini uzmay, telefonni qulog‘iga tutdi: – Dada, qo‘pol gapirganim uchun meni kechiring. Men hozir uyga qaytaman, – Kutaman o‘g‘lim, – dadasi telefonni qo‘ydi. – Men sizni ko‘p qidirdim, – nafasi tiqilib, shoshib gapirdi Rustam. – Nihoyat topdim, – Zilola uyalib boshini egdi. – Endi hech qachon qo‘yib yubormayman. Zilola boshini ko‘tarib, xursand tarzda gapirdi: – Men o‘qishga kirdim. Onam meni tushunib, o‘qishimga ruxsat berdilar. Ular yonma-yon baxtiyor gaplashib ketishdi. Jabbor og‘a ularning orqasidan kuzatib qoldi. – Vanihoyat ular o‘z baxtlarini topishdi, – uning orqasidan qanot chiqib osmonga parvoz etdi. Ha, u inson qiyofasida tushgan sevgi farishtasi. Ularni ilk bor uchrashtirib, yuragiga ishq o‘tini joylagan, ularning muhabbatini hijron o‘tida sinab, so‘ng yana visolga yetishtirgan sevgi farishtasi...
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев